Xalqaro olimlar guruhi Ukrainaning ba’zi hududlarida sutning radioaktivligi yo‘l qo‘yiladigan darajadan besh marta yuqori ekanligini aniqladi. Bu haqda Angliyaning Ekseter universiteti press-relizida aytiladi, deb yozadi EurekAlert. Sut mahsulotlari namunalari olingan xususiy fermalar Chernobil atom elektr stansiyasidan taxminan 200 km masofada joylashgan.
Tadqiqotchilar Ukraina shimoli-g‘arbidagi Rovnenskiy viloyatining 14 ta qishlog‘ida sigir sutini tahlil qilib ko‘rgan. Ma’lum bo‘lishicha, oltita qishloqda radioaktiv seziy darajasi kattalar uchun xavfsiz daraja (bir litrga 100 bekkerel)dan, sakkizta qishloqda esa bolalar uchun xavfsiz daraja (bir litrga 40 bekkerel)dan oshadi.
Halokatdan jabr ko‘rgan hududlarda tuproqning radioaktiv elementlar bilan ifloslanish darajasi unchalik yuqori bo‘lmasa-da, seziy oziq-ovqat mahsulotlarida to‘planishda davom etmoqda, organizmga, ayniqsa, bolalar organizmiga surunkali ta’sir esa har qanday organlar tizimi uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Olimlar ta’kidlashicha, xavfni kamaytirish uchun oddiy choralar ko‘rish mumkin, masalan, yem-xashakka ferrotsin qo‘shilsa, u oshqozon-ichak yo‘liga tushgan seziyni “bog‘lab qo‘yadi” va uning qonga tushishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Izoh (0)