Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 10 nafar talabasi Huawei kompaniyasining har yilgi an’anaviy Seeds for the Future (“Kelajak nihollari”) loyihasi doirasida tashkil qilingan ikki haftalik o‘quv kurslarida ishtirok etmoqda. Bu haqda Huawei Tech Investment Tashkent matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Loyihada ishtirok etish uchun talabalar 2018-yil may oyi oxirida Xitoyga jo‘nab ketgan.
O‘quv kurslari davomida talabalar Xitoyning Pekin va Shenchjen shaharlarida Huawei’ning innovatsion yechimlari, telekommunikatsiya tarmoqlari, 5G, Cloud services va IoT bo‘yicha bilimlarini oshiradi.
Ayni vaqtda talabalar kompaniyaning Shenchjen shahridagi shtab-kvartirasida Kanada va Singapurlik talabalar bilan birgalikda ta’lim olmoqda.
“Men Seeds for the Future loyihasining bir qismiga aylanganimdan xursandman va Huawei kompaniyasiga minnatdorchilik bildiraman. Butun dunyodan iqtidorli talabalar telekommunikatsiya sohasida yangi bilimlarga ega bo‘lish uchun Xitoyga tashrif buyuradi. Bu esa o‘z navbatida ularga Xitoy madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Hozir biz Huawei shtab-kvartirasi laboratoriyalarida treninglarda ishtirok etmoqdamiz. 2020-ga kelib dunyoda keng tarqaladigan 5G texnologiyalarini o‘rganish bilan bandmiz. Jamoamizning barcha a’zolari Seeds for the Future loyihasining bir qismiga aylanganidan baxtiyor. Umid qilamizki, olgan bilimlarimiz bilan mamlakatimiz AKT sohasi rivojlanishiga o‘z hissamizni qo‘shamiz”, — deydi TATU talabasi Sarvar Kulmatov.
Izoh (0)