AQSHda jinoyat sodir etgan noqonuniy migrantlar Salvadordagi mega qamoqxonaga deportatsiya qilingandi. Venesuela deportatsiya qilinganlar orasida fuqarolari bo‘lgani va ular qamoqda qiynoqqa solinganini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Venesuela migrantlarning huquqlari buzilgani sababli tekshiruv o‘tkazayotganini e’lon qildi. 18-iyul kuni 250 dan ortiq venesuelalik vataniga qaytarilgan. Ular mart oyidan beri Salvadordagi qamoqda saqlanib kelgan. Venesuela bosh prokurori Tarek Uilyam Saabga ko‘ra, qamoqxonada sistematik qiynoqlar mavjud bo‘lgan. Ularga jinsiy zo‘ravonlik, kunlik kaltaklash va yaroqsiz ovqat berish holatlari kiradi. Salvador hozircha bu ayblovlarga javob bermagan.
Saab muhojirlar orasida tishlari singan, tanasi ko‘karganlar borligi va buni isbotlovchi dalillar mavjudligini aytgan. Venesuela Salvador prezidenti Nayib Bukele, adliya vaziri Gustavo Villatoro va qamoqxona boshlig‘i Osiris Luna Mezaga qarshi tergov boshlashini e’lon qilgan.
Bosh prokuror Xalqaro jinoiy sud (XJS), BMT Inson huquqlari kengashi hamda AQSHdagi boshqa tegishli tashkilotlarni ham xuddi shunday yo‘l tutishga chaqirdi.
40 minggacha mahbusni sig‘dira oladigan Cecot mega qamoqxonasi ikki yil avval Salvadorda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida ochilgan. Shundan so‘ng mamlakatda qotilliklar soni keskin kamaygan. Salvador prezidenti bu qamoqxonada saqlanayotgan muhojirlar uchun AQSH to‘lov qilishini aytgandi.
Izoh (0)