O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Milliy dispetcherlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 16-iyuldan 21-iyulgacha bo‘lgan anomal issiq davrda O‘zbekiston energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli va yuklamasi bo‘yicha yangi tarixiy rekordlar qayd etildi. Xususan, birinchi marta elektr energiyasi iste’molida yozgi ko‘rsatkichlar qishki maksimal ko‘rsatkichlardan oshdi. Jumladan:
18-iyul kunlik iste’mol miqdori 272,6 mln kVt/soat, bu qishki maksimumdan (271,8 mln kVt/soat) va avvalgi yozgi rekorddan (253,3 mln kVt/soat) oshib ketdi.
Kecha, 21-iyul kuni soat 17:00 da energetika tizimining maksimal quvvati 13,3 GVt ga yetdi, bu qishki rekorddan (12,5 GVt) va 2024-yil iyul oyidagi ko‘rsatkichlardan (11,8 GVt) yuqori.
Eng katta o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi. Xususan:
- Sutkalik iste’mol — 32,4 mln kVt/soat (2024-yilda kuzatilgan maksimal iste’mol — 30,5 mln kVt/soat)ga yetib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 33 foizga ko‘pni tashkil etdi.
- Eng yuqori yuklama soat 14:52 da — 1 811 MVt (2024-yilda — 1 680 MVt)ni tashkil qildi;
- Joriy iste’mol darajasi 2024-yil iyul oyining shu davriga nisbatan 7,6 foizga yuqori bo‘lib, oy boshidan buyon o‘sish 11 foizni tashkil etdi.
Ta’kidlanishicha, iste’mol yuqori paytlarda elektr tarmoqlarida uzilishlarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning filiallarida tun-u kun ishlaydigan avariyaga qarshi maxsus brigadalar tashkil etilgan. Ular yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etib bormoqda. Ayrim joylardagi elektr ta’minotida kuzatilayotgan uzilishlar tufayli iste’molchilardan uzr so‘raldi.
“Shu o‘rinda iste’molchilardan elektr energiyasidan imkon qadar tejamkorlik bilan foydalanishlarini so‘raymiz. Zarurat bo‘lmagan hollarda elektr jihozlaridan foydalanmaslik orqali ham barchamiz tizimda yuklamaning ortishini, nosozlik va uzilishlar sodir bo‘lishini oldini olishga katta hissa qo‘shamiz”, deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda joriy yil 1-avgustdan chiqindi xizmatlaridan qarzdorlar uchun elektr to‘loviga cheklov kuchga kiradi. Bu tartib chiqindilar uchun to‘lov intizomini kuchaytirishga doir qonunda belgilangan.
Izoh (0)