Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Janubiy Koreyaning Evergreen Motors Group kompaniyasi raisi Kim Chang Keonni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmatiga tayanib, Spot xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Seul va Toshkentda biznes-markazlarni ochish rejalashtirilmoqda.
“Mazkur biznes-markazlar ikki mamlakat ishbilarmonlariga O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznes korxonalariga yangi texnologiya va Koreya investitsiyasini jalb qilish bilan shug‘ullanadigan qo‘shma tijorat kompaniyalarini yaratishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Evergreen Motors Group raisi ham o‘z navbatida O‘zbekistonda 10 ta maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish borasidagi rejalari bilan bo‘lishdi. Buning uchun kompaniya to‘g‘ridan to‘g‘ri 12 million dollar investitsiya kiritadi.
“15 ta turli fakultetga ega Sejong universitetining filialini yaratish istiqbollari muhokama qilindi. Asosiy e’tibor tibbiyot yo‘nalishiga qaratiladi”, — deya ta’kidlanadi idorada.
Bundan tashqari yaqin vaqtlar ichida Puchon universitetining ma’ktabgacha ta’lim va qurilish yo‘nalishidagi ikkita fakultetini ochish ham rejalashtirilgan.
Izoh (0)