Taqsimlangan reyestr (blokcheyn) texnologiyalar bo‘yicha vakolatli markaz kriptovalyutalar bilan shug‘ullanmaydi. Bu haqda Mirzo Ulugbek Innovation Center (MUIC) bosh direktori Farhod Ibragimov ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant.uz”.
Shu yilning fevral oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev MUIC qoshida Taqsimlangan reyestr texnologiyalar bo‘yicha vakolatli markaz tashkil etilishini ma’qulladi. Ko‘plab ommaviy axborot vositalari buni blokcheyn texnologiyasi asosida ishlovchi kriptovalyutalarni legallashtirishga qaratilgan signal sifatida qabul qildi.
“Markazning asosiy vazifalari — blokcheyn texnologiyasini tarqatish uchun sharoitlarni yaratish va mahalliy ishlab chiquvchilarni qo‘llab-quvvatlash. Biz kriptovalyutalarni rivojlantirish bilan shug‘ullanmaymiz”, — deya ta’kidladi Ibragimov.
O‘zbekiston Markaziy banki kriptovalyutalar bo‘yicha bir necha marotaba izoh berib, ularni terrorizmni moliyalashtirish uchun vosita deb atagan. Kriptovalyutadan anonim foydalanish tufayli mablag‘larning noqonuniy aylanishi va firibgarlik holatlari ortadi, bu esa, o‘z navbatida, bir qator mamlakatlarda yashirin iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda kriptovalyuta maqomi aniqlanmagan (ularni ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi, ammo bu taqiqlangan ham emas) bo‘lsa-da, Markaziy bank aholiga kriptovalyutalar bilan qandaydir operatsiyalar o‘tkazishni tavsiya qilmaydi.
Izoh (0)