O‘zbekistonda 2025-yil 1-noyabrdan malakasini oshirish va kasbga qayta tayyorlanish istagidagi shaxslarga qo‘shimcha ta’lim olish uchun “kasb vaucheri” berish tartibi joriy etiladi.

“Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilanishicha, “kasb vaucheri” ssuda sifatida beriladi.
Shaxs o‘qishni tugatib sertifikat olgach, ishga joylashganidan so‘ng ssudani 2 yil davomida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga qaytaradi.
Quyidagi shaxslarga kasb-hunar kurslarida ta’lim olish davrida jamg‘arma hisobidan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1 baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
- 3 oydan ortiq davom etadigan kurslarda ta’lim olayotgan Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalar a’zolariga;
- doimiy yashash joyidan boshqa hududga qatnab ta’lim olayotgan shaxslarga.
Bunda ishsizlik nafaqasi to‘lanishi davrida o‘quvchilarga stipendiya tayinlanmaydi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ikki oy muddatda har bir hududning ixtisoslashuvi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, kamida bittadan kasbiy ko‘nikmalar markazini muayyan kasbni o‘rgatishga ixtisoslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini aniq muddatlar va amalga oshirish mexanizmlarini nazarda tutgan holda tasdiqlashi belgilandi.
Bunda ixtisoslashgan kasb ko‘nikmalari markazlari tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda va yirik ish beruvchilarni kadrlarni tayyorlash jarayoniga jalb qilgan holda tashkil etiladi. Markazlarda mutaxassislar chuqurlashtirilgan holda tayyorlanadi, mahorat darslari o‘tkaziladi, kasblar bo‘yicha malaka oshiriladi.
Ushbu markazlarni tashkil etish va moliyalashtirish xususiy sektor, jamg‘arma, xalqaro tashkilotlarning grant va qarz mablag‘lari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa mabalar hisobidan amalga oshiriladi.
Prezidentning ushbu farmoni bilan 2025-yil 1-sentyabrdan O‘zbekistonda korxonalar o‘zida mavjud vakansiyalar haqida bandlik organlariga maʼlumot berish majburiyatidan ozod etiladi. Shu bilan birga, ish beruvchilardan bandlik organlari yo‘llanmasi asosida yuborilgan nomzodlarni ishga qabul qilmaganlik uchun sabab keltirish talabi bekor qilinadi. Bu holatda ish beruvchi maʼmuriy javobgarlikka tortilishiga chek qo‘yiladi.
Izoh (0)