Marg‘ilonlik Botir Ibragimov “Odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmog‘ida o‘zining profili orqali diniy ekstremistik va aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi turli videoroliklar va audioyozuvlarni tarqatib kelgan. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi tomonidan Marg‘ilon shahar “Qashqar” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 1-qismi va 244/1-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 3-qismiga asosan B.Ibragimovga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sayyor sud majlisi davomida sudlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglandi. Shuningdek, sudlanuvchi istiqomat qilgan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi hamda faollarining fikrlari eshitildi.
Qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganini, xalq va Prezidentdan kechirim so‘raganini, unga mahalla faollari kafillik berganini e’tiborga olib, sud B.Ibragimovni qamoqdan ozod qilib, ozodlikni cheklash bilan bog‘liq jazo tayinladi.
Izoh (0)