Pentagon Rossiyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarida IShID terrorchi guruhi tarqalishi tahdidi to‘g‘risidagi xavotirlariga qo‘shilmaydi. Amerika harbiylariga ko‘ra, bu kabi bayonotlar “Rossiya targ‘iboti”dan iborat, deya ma’lum qiladi “RIA Novosti”.
Oldinroq Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Oleg Siromolotov Afg‘oniston xalqaro terrorizmning tayanch nuqtasiga aylanayotganini bildirgandi.
Diplomatning ta’kidlashicha, ushbu mamlakatda IShIDning 4 mingdan 10 ming nafargacha jangarisi bor. Terrorchilar qonuniy hukumatlarni ag‘darish, Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiyadagi hududlarni bosib olish, shuningdek, “Shimoliy Xuroson” kvazidavlatini barpo etish niyatini yashirayotgani yo‘q.
Biroq AQSh harbiy tashkiloti Moskvaning bu hadiklarini “behuda” deb hisoblamoqda.
“Rossiya AQShning Afg‘onistondagi urinishlarini yo‘qqa chiqarish uchun IShID borasidagi global havotirlarni avj oldirishda davom etmoqda. Moskva bizni Markaziy Osiyodagi sheriklarimiz bilan ayirish uchun har qanday imkoniyatni qidirmoqda. IShIDning Markaziy Osiyoni bosib olishga urinishlari haqidagi asossiz ayblovlar ham targ‘ibotdan boshqa narsa emas”, — dedi Pentagon matbuot xizmati vakili podpolkovnik Kon Folkner.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)