Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida 19-apreldan boshlab tezlikni o‘lchovchi maxsus avtomatlashtirilgan fotoradar ishga tushirildi. Fotoradar A 373 “Toshkent—O‘sh” avtomobil yo‘lining 142-kilometrida “Qoraxitoy” qishloq fuqarolar yig‘ini hududiga o‘rnatildi. Bu haqda viloyat IIB YHXB matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Fotoradar Toshkent viloyatining avtomobil yo‘llarida yo‘l-transport hodisalari oldini olish, yo‘l harakati ishtirokchilarini harakatlanish xavfsizligini ta’minlash va innovatsion texnikalarni hayotga tatbiq etish maqsadida Ohangaron tumani hokimligining tashabbusi bilan Toshkent viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ko‘magida o‘rnatildi.
Bugun, 19-apreldan tezlikni me’yoridan oshirgan haydovchilar aniqlanmoqda. Qoidabuzar transport vositalari egalariga qonunchilikda belgilangan tartibda qaror chiqarilib, yashash manzillariga yuboriladi.
Yo‘l harakati qoidasini buzgan haydovchilarni aniqlashga mo‘ljallangan, avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari Toshkent viloyatining boshqa asosiy yo‘llari hamda shahar va tumanlarida bosqichma-bosqich o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Toshkent—O‘sh” avtomobil yo‘lining Ohangarondan o‘tgan qismida avtomatlashtirilgan fotoradar o‘rnatilishi mart oyida xabar qilingandi.
Izoh (0)