Amir Temur tavallud topgan kun munosabati bilan 9-aprelda Yakkabog‘ tumanidagi sohibqiron dunyoga kelgan Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida bayram sayli o‘tkaziladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi ma’lum qildi, deya xabar beradi UZ24.
Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘idagi 6 gektarlik hududda Amir Temur bog‘i barpo etilmoqda, konsert dasturlari uchun katta sahna o‘rnatilmoqda. Bog‘ning bir qismida sayyohlar uchun dam olish joylari, o‘tovlar tiklanmoqda.
Shuningdek, ushbu maskanga Xalqaro press-klub boshchiligida media-tur uyushtirilishi, telemarafon o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
Xalq saylida Qashqadaryoning tandir go‘sht, kiyik go‘shti, qozon kabob, tandir somsa singari dunyoga mashhur taomlari tayyorlanadi hamda mehmonlarga tortiq qilinadi.
Bayram saylida qatnashishni istagan chet ellik mehmonlar uchun shu kuni Qarshi va Shahrisabz shaharlaridan Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘igacha maxsus avtobuslar qatnovi tashkil etiladi.
Izoh (0)