Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston — Turkiya salomatlik haftaligi boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Haftalik doirasida turkiyalik professorlar, plastik jarrohlar, malakali shifokorlar Termiz shahridagi viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining turli hududlaridan kelgan yuz sohasida tug‘ma va kuyishdan keyingi asoratlari bo‘lgan bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
— Qardosh davlatdan kelgan professorlar, tajribali mutaxassislar bir hafta davomida bemor bolalarni qabul qiladi, — deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Surxondaryo viloyati hududiy filiali bosh mutaxassisi M. Hafizova. — Tibbiy ko‘rik jarayonida jarrohlik amaliyoti o‘tkazishni talab etadigan yuz sohasida tug‘ma va kuyishdan keyingi asoratlari bo‘lgan bolalar saralanib, sog‘lomlashtirish choralari ko‘rilmoqda. Delegatsiya a’zolari tashxis qo‘yish va davolashda o‘zlari bilan olib kelgan dori-darmon hamda sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanmoqda.
Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik davomida jarrohlik amaliyotini qo‘llash tashxisi qo‘yilgan bemor bolalar viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markaziga joylashtirilmoqda.
Haftalik 14-aprelgacha davom etadi.
Izoh (0)