Qirg‘iziston chegarachilari O‘zbekiston fuqarosiga uyida ro‘y bergan yong‘inni o‘chirishda yordam berdi. Bu haqda “Xalq so‘zi” ma’lum qildi.
Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati matbuot xizmatiga ko‘ra, ikki davlat chegarasiga yaqin joyda O‘zbekiston hududidagi qishloqdagi xonadonlardan birida gaz balloni portlashi oqibatida yong‘in kelib chiqqan va u ko‘z ochib-yumguncha butun uyni qamrab olgan.
Bu joy Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati, Olabuqa tumani Tengi qishlog‘iga qo‘shni hudud bo‘lgan. Shuning uchun yong‘inni Olabuqa chegara otryadiga tegishli “Ko‘kserek” chegara zastavasi xizmatchilari ko‘rib qolgan. Tezda yaqin oradagi Qirg‘iziston hududidan oqib o‘tuvchi anhordan chegaragacha suv tashib berish tashkillashtirilgan. Qardoshlar ko‘magi tufayli tez orada yong‘inni o‘chirishning uddasidan chiqilgan.
“O‘zbekiston hududida uy yonayotganini payqab qoldik, — deydi mazkur zastava boshlig‘i Adilet Israil uuli. — Lekin bu hududdan chegara chizig‘i o‘tgani uchun anhordan chegaragacha suv olib kelishni tashkil etdik”.
U mamlakatlarni ajratib turuvchi chegara chizig‘i qo‘shni davlat fuqarolarining bir-biriga yordam berishiga to‘sqinlik qilmaydi, deb hisoblashini ta’kidladi.
Izoh (0)