Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani Intilish mahallasida 1000 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgan “Ahmad ibn Malik” jome masjidining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi xabar berdi.
Viloyatda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan 74-masjid sifatida faoliyat boshlagan mazkur masjidning ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev, viloyat hokimi o‘rinbosari Erkin Mo‘minov, viloyat prokurori Ravshan Masharipov, viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i Shokir Saidov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rais o‘rinbosari Ibrohim Inomov va Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Mo‘minjon Usmonov ishtirok etib, sirdaryoliklarni masjid ochilishi bilan tabrikladi.
Masjid ochilishi shukronasiga jonliq so‘yilib, muhtoj oilalarga tarqatildi. Yangi masjidning imom-xatibi Ulug‘bek domla Qobilovga Adliya boshqarmasining guvohnomasi tantanali ravishda topshirildi. Masjidni bino bo‘lishida o‘z hissasini qo‘shganlar haqiga duoi-xayrlar qilinib, masjidni to qiyomat musulmonlarga xizmat qilishini Yaratgandan so‘raldi.
Ziyoratchilar masjidni ziyorat qilib, ikki rakatdan namoz o‘qidi, bunday xayrli ishlarning boshida turgan davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev va mutasaddilar haqiga duo qildi.
Izoh (0)