O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev samarqandlik 23 yoshli o‘qituvchining o‘limi yuzasidan o‘z fikrini bildirdi.
“Xalqimiz azaldan ustozlarni ardoqlab kelgan. Ilm tarqatuvchilarga berilgan e’tibor va ehtirom Xudo xohlasa o‘z natijasini beradi, —deb yozdi vazir o‘rinbosari Facebook’dagi sahifasida. — Har bir rahbar maktabda o‘qigan hamda ustoz ko‘rgan va ishonchimiz komil ular ham o‘z ustozlarini ardoqlashadi. Hali bu kabi yumushlarni innovatsiya orqali yengillashtirish va katta yutuqlarga erishish mumkin. Buning uchun faqat o‘qituvchilarga bor imkoniyatni yaratib berishimiz zarur, shunda o‘qituvchi emas innovatsiya bizga yechim bo‘ladi. Iqtisodimiz gullab-yashnaydi. Yurtboshimiz ham xalqimiz g‘amida tinim bilganlari yo‘q. Xudo xohlasa, kunlar kelib bu kunlarni eslab yuramiz. Har qanday rivojlangan davlat ham ta'lim orqali rivoj topgan. Hamma do‘stlarimizdan bo‘lar-bo‘lmas gaplar emas, xolis yondashilgan ko‘mak va talqin kutib qolamiz”.
“Bas, yetar! O‘qituvchilarni tinch qo‘ying. Hamma o‘z ishini qilsin. Parlament a’zolari, deputatlar va boshqa davlat organlari kelinglar birlashaylik. Millat taqdiri-ku axir!” — deya xulosa qildi Alisher Sa’dullayev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi arafasida Kattaqo‘rg‘on tumanida ko‘cha tozalash ishlariga jalb etilgan 23 yoshli o‘qituvchi avtohalokatga uchrab, vafot etdi. Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov holat yuzasidan o‘rganish olib borilayotgani va “tegishli choralar ko‘rilishi”ni ma’lum qildi.
Izoh (0)