2018-yilda Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, AQSh, Turkiya, Chexiya, Fransiya, Yaponiya muzeylarida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosiga oid 20 jildli kitob-albom chop etiladi. Bu haqda “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasining 2018-yilgi rejalariga bag‘ishlangan media-forumda ma’lum qilindi, deya xabar beradi O‘zEOVMA.
Shuningdek, joriy yilda Alisher Navoiy ijodiga mansub qo‘lyozmalar (Buyuk Britaniya kutubxonasi, Fransiya milliy kutubxonasi), Kastiliya qirolining elchisi Rui Gonsales de Klavixoning “Temur saroyiga yuborilgan elchi” kitobi (Ispaniya milliy kutubxonasi), “Zafarnoma” asarining qadimiy qo‘lyozmasi (Buyuk Britaniya kutubxonasi), “Katta Langar Qur’oni”, Husayn Boyqaro devoni, “Ravzat-us-cafo”, “Temur tuzuklari” (Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari instituti), Abu Ali ibn Sino asarlarining qadimiy qo‘lyozmalarini bosqichma-bosqich raqamli formatga o‘tkazish va ularning faksimile-nusxalarini chop etish kabi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda loyiha doirasida chop etilgan kitob-albomlar, hujjatli filmlarning 10 ming nusxasini mahalliy va dunyodagi nufuzli kutubxonalar, oliy ta’lim dargohlari, mamlakatga tashrif buyuruvchi xorijiy delegatsiyalar a’zolariga taqdim etish ko‘zda tutilgan.
Forum davomida O‘zbekistondagi 16 ta muzey, kutubxona, ilmiy muassasa va tashkilotlarga “Katta Langar Qur’oni” va “Devoni Husayniy” asarlari qo‘lyozmalarining faksimile-nusxalarini olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi. Bir qator yirik kutubxona va muzeylar, ma’rifiy-ilmiy maskanlarga loyiha doirasida chop etilgan 10 jildli to‘plamlar topshirildi.
Izoh (0)