Rossiya prezidenti Vladimir Putin qo‘riqchisiga tegishli “sirli qurilma” videosi tarqaldi. 9-may kuni olingan ushbu video tahlilchilar e’tiborini tortdi va mutaxassislar uning xususiyatlarini o‘rgandi. Bu haqda “Agentstvo” nashri xabar berdi.

Ukrainalik harbiy tahlilchi Sergey Beskrestnov ushbu qurilmani “dron-perehvatchik” (dron tutib oluvchi) deb atadi. Gap “Yolka” modeli haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. U dushman dronlarini yo‘q qilishga mo‘ljallangan kinetik dron hisoblanadi.
“Yolka” nishonga qarab uchiriladi, keyingi harakatlarini esa mustaqil bajaradi. Bu jihati bilan u ko‘chma zenit-raketa tizimlariga o‘xshaydi. Biroq u dushman dronini portlatish orqali emas, balki yuqori tezlikda to‘g‘ridan to‘g‘ri urib tushirish orqali yo‘q qiladi.
Dronning zarba beruvchi qismi — uning mustahkamlangan korpusi bo‘lib, aynan shu qismining kuchi bilan nishon yo‘q qilinadi. “Yolka” sun’iy intellekt elementlariga ega zamonaviy nishonni aniqlash va kuzatish tizimi bilan jihozlangan. U Ukrainadagi urushda samarali tutib oluvchi sifatida qo‘llanmoqda.
Ma’lumot uchun, G‘alaba paradi arafasida Moskvada mobil internet faoliyatiga cheklovlar joriy etilgandi. Shuningdek, ilk bor asosiy minbar ustiga maxsus soyabon o‘rnatilgandi. Ehtimol, bu ham Ukraina dronlaridan himoyalanish maqsadida qo‘llangan. Paraddan oldin Ukraina Rossiyaning markaziy hududlaridagi nishonlarga dron hujumlarini kuchaytirgan, Kreml esa parad vaqtida hujumlar davom etishidan xavotir bildirgan.
Putin qo‘riqchilari va ularning oyligi
Putinning qo‘riqchilari orasida o‘rtacha yosh — 36 yosh. Ularning aksariyati viloyatlardan (14 kishi) yoki Moskva viloyatidagi kichik shaharlardan (10 kishi) kelgan. Ularning ko‘pchiligi baland bo‘yli.
Yaqin yillargacha prezidentning shaxsiy qo‘riqchilari katta maosh olmagan. Soliq hujjatlariga ko‘ra, ulardan biri 2015-yilda oyiga 56 ming rubl (922 dollar) ishlab topgan. 2018-yilga kelib, prezident xavfsizlik xizmatida ishlayotgan uch kishining oyligi 80 ming rubl (1280 dollar) atrofida bo‘lgan.

So‘nggi yillarda esa ularning maoshi sezilarli darajada oshgan. Hozirda ba’zi qo‘riqchilar oyiga 180 mingdan 226 ming rublgacha (1945–2443 dollar) daromad olmoqda. Bu FSO (Federal xavfsizlik xizmati)ning o‘rtacha maoshidan yuqori.
Nikita Belenki Rossiya prezidenti qayerga bormasin, uning izidan yuradigan kishilardan biri va asosiy shaxs. U va hamkasblarini Rossiya rahbarining ichki va tashqi safarlardagi deyarli har bir suratida ko‘rish mumkin. Ular Putinning shaxsiy qo‘riqchilaridir. Ular kamdan kam hollarda e’tibor markazida bo‘lishsa-da, har qanday olomon orasida ajralib turadi. Belenkining bo‘yi ikki metr bo‘lib, yoshligida professional basketbolchi bo‘lgan.
Izoh (0)