Londonning “Arsenal” klubi markaziy himoyachi Uilyam Saliba bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda NYTimes nashri xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Madridning “Real” klubi 23 yoshli fransuz himoyachisiga qiziqish bildirmoqda. Ushbu xabarlar fonida “Arsenal” rahbariyati Salibani jamoada olib qolish uchun jiddiy harakat boshlagan. Klub Saliba bilan hamkorlikni uzoq muddat davom ettirishni istamoqda.
Futbolchi ham jamoada qolishdan manfaatdor. U Singapurdagi mavsumoldi yig‘in doirasidagi “Nyukasl”ga qarshi bahsdan (3:2) keyin jurnalistlarga qisqa intervyu berdi:
Umid qilamanki, yaqin kunlarda “Arsenal” bilan yangi shartnoma imzolayman. Hozircha bu borada ko‘p narsa ayta olmayman, lekin agentim va klub o‘rtasidagi muzokaralar yaxshi o‘tmoqda. Voqealar rivojini ko‘ramiz, deydi fransiyalik himoyachi
Ma’lumot uchun, Uilyam Saliba 2019-yilda Fransiyaning “Sent-Etyen” klubidan “Arsenal” safiga qo‘shilgan. U 2024/25-yilgi mavsum davomida jami 51 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol muallifiga aylangan.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Salibaning qiymati 80 million yevroga teng. Uning “to‘pchilar” bilan shartnomasi 2027-yilning yoziga qadar amal qiladi.
Izoh (0)