“O‘zbek yigitlari uchun birinchi o‘rinda Vatan, ikkinchi o‘rinda ota-ona, uchinchi o‘rinda sevgi-muhabbat”. Bu so‘zlar “Hindistonlik kelin” komediyasidan, deb yozadi O‘zA.
Buxoro viloyati musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan mazkur komediya tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Asosiy mavzusi mehr-muhabbat, vafo-sadoqat, insonparvarlik, gumanizm bo‘lgan “Hindistonlik kelin” kulgili sahnalari, ichakuzdi hangomalari, personajlarning rang-barangligi bilan o‘ziga xoslik kasb etdi. Komediyada asosiy rollarni Aziz Bo‘ronov, Farangiz Ajalova, Rahim Ergashev va boshqalar ijro etdi.
Spektakl so‘ngida “Hindistonlik kelin” komediyasi rejissori, O‘zbekiston xalq artisti Ubaydulla Omon, teatrning adabiy maslahatchisi Mohigul Nazarova, asar muallifi Anvar Namozov va boshqalar so‘zga chiqib, bugungi kunda xalqning teatr tomon oshiqayotganiga sabab sahnalarda mazmun va qamrovi keng asarlar qo‘yilayotgani va oddiy odamlar hayoti aks ettirilayotganida, deya fikr bildirdi.
Izoh (0)