Surxondaryo viloyatining Denov shahrida marixuana tarqatgan masjid noibi qo‘lga tushdi. Bu haqda O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, 21-fevral kuni Surxondaryo viloyatining Denov shahrida yashovchi, 1989-yilda tug‘ilgan Z.Imamov ko‘chada to‘xtatilib tekshirilgan va uning yonida 4,6 gramm marixuana borligi aniqlangan.
Z.Imamov ushbu giyohvandlik moddasini “Bahriston” mahallasi Shahriston ko‘chasida yashovchi, “Umari Odil” jome masjidi noibi, 1989-yilda tug‘ilgan A.Meliboyevdan olganligi aniqlangan. A.Meliboyev giyohvandlik moddasini Denov tumani Feruz ko‘chasida yashovchi, 1989-yilda tug‘ilgan S.Kenjayevdan olganligini bayon qilgan.
“S.Kenjayevning yashash uyi tekshirilganda, 10 kilogramm 7,17 gramm gashish va 3 kilogramm 675,37 gramm marixuana giyohvandlik moddalari topilib, daliliy ashyo sifatida olingan. Hozirda bu vositalarining kelib chiqish manbasini aniqlashga qaratilgan ishlar davom etmoqda”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Izoh (0)