“O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar majmuida O‘zbekiston Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi, Toshkent shahar va poytaxt tumanlari hokimlari, boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining sayyor qabuli o‘tkazildi, deb xabar berdi O‘zA.
Sayyor qabulda ma’lum qilinishicha, 2017-yilda Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga poytaxt aholisidan kelib tushgan 294 mingdan ortiq ariza va shikoyat ko‘rib chiqilgan. O‘rta hisobda ularning har 3 tasidan 2 tasi ijobiy hal etilgan. Bu murojaatlarning asosiy qismi uy-joy, yer maydonlari ajratish, sud-huquq, moddiy yordam ko‘rsatish, ish bilan ta’minlash kabi masalalarga daxldor.
O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Prezidentining Toshkent shahri va tumanlaridagi Xalq qabulxonalari tashabbusi bilan davlat idoralari rahbarlarining 1 mingdan ziyod qabuli tashkil etildi. Ularda 6 mingdan ortiq fuqaro ishtiroki ta’minlandi.
Mazkur sayyor qabulda Toshkent shahar hokimi qabuliga kirish istagida bo‘lgan 150 fuqaro ishtirok etdi. Ularning murojaatlari, masalalarini ko‘rib chiqish va hal etish uchun poytaxtdagi 63 tashkilotdan mas’ul xodimlar, tuman hokimlari va tumanlardagi Xalq qabulxonasi mutasaddilari jalb etildi.
Sayyor qabulga kelgan fuqarolar dastlab tuman hokimlari, masalasiga ko‘ra tegishli tashkilotlar mas’ul xodimlariga murojaat qildi. Murojaat tuman va tegishli tashkilot miqyosida hal etilmagan holatda bu masalani shahar hokimi o‘z vakolati doirasida ko‘rib chiqdi.
Izoh (0)