O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018—2022-yillarda aholi punktlarini bosh rejalar bilan ta’minlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda, Adliya vazirligining Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanaliga asoslanib, O‘zA xabar bermoqda.
Qarorda ta’kidlanishicha, shaharlar va qishloq aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari bilan ta’minlanmaganligi ularda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishda to‘sqinlik qiluvchi omil bo‘lib qolmoqda. Hozirgi vaqtda 23 ta shahar va 994 ta shahar posyolkalarini bosh rejalar bilan ta’minlash talab etiladi.
Qaror bilan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, loyiha tashkilotlari faoliyatini yanada yaxshilash shaharsozlik sohasi mutaxassislari tayyorlash sifatini tubdan takomillashtirish maqsadida bir qator tadbirlar belgilandi. Xususan, 2018-yilning o‘zida 8 ta shahar, 30 shahar posyolkalarining bosh rejalari ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, qurilishda marketing, qurilishda menejment kabi ta’limning yangi talab etilgan yo‘nalishlari ochiladi. Tarmoq mutaxassislarining malakasini oshirish uchun tizimli asosda har yili yetakchi xorijiy oliy ta’lim va tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlik dasturlari ishlab chiqiladi.
Izoh (0)