Xitoy Amerikaning raketa esminetsi mamlakatning hududiy suvlariga ruxsatsiz kirib, Xitoy suverenitetiga xavf tug‘dirgani uchun AQSh harbiy-dengiz kuchlarini aybladi. Bu haqda, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Lu Kanning so‘zlariga tayanib, “Gazeta.ru” xabar berdi.
“17-yanvar kechasi Xuanyan orolidan 12 dengiz mili uzoqlikdagi Xitoy suvlariga Amerikaga tegishli esminets ruxsatsiz kirib keldi. Xitoy harbiy-dengiz kuchlari qonun doirasida Amerika kemasini tekshirib ko‘rdi va unga ushbu hududni tark etish borasida ogohlantirish berdi”, — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, ta’kidlanishicha, AQSh kemasining bu kabi xatti-harakati mazkur hududda rejali harakatlarni amalga oshirayotgan qayiq va dengizchilarning xavfsizligini tahdid ostida qoldirgan.
“Biz AQShni ushbu xatosini darhol to‘g‘irlashga va ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, mintaqaviy tinchlik hamda barqarorlikka putur yetkazmaslik uchun bu kabi provakatsion harakatlarni to‘xtatishga qat’iy chaqiramiz”, — deya ta’kidlanadi TIV xabarida.
Izoh (0)