Nyu-Yorkda 2017-yil oktabrida yuz bergan terrorchilik harakatida o‘zbekistonlik shaxsning ayblanayotgani AQSh va O‘zbekiston munosabatlariga salbiy ta’sir etmaydi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen “Amerika ovozi” teleradiosiga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Intervyu matni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) tomonidan e’lon qilingan.
Elchining ta’kidlashicha, bu voqea AQShda immigratsiya masalasi dolzarb bo‘lib turgan bir vaqtda yuz berdi, shu sababli ham unga e’tibor kuchli. Biroq, shuni ham unutmaslik lozimki, teraktni sodir etganlikda gumon qilinayotgan asli o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov AQShga qonuniy yo‘l bilan borgan.
Xavfsizlik, albatta, qaltis masala. Biz “Grin-karta” dasturini o‘rganib chiqib, shuni aniqlaganmizki, bu yo‘l bilan kelayotganlarning aksariyati Amerikada yangi hayot qurish bilan band va to‘g‘ri yo‘lda.Immigratsiya bo‘yicha debatlar qanday qarorlarga yetaklaydi, buni oldindan ayta olmaymiz. Kuzatamiz, ogohmiz. O‘zbekiston hozirgacha biror cheklov yoki alohida chora bilan yuzlashadi, degan gap yo‘q. Terror hurujlarining ta’siri har doim ham kuchli bo‘lgan, lekin O‘zbekistonga nisbatan salbiy qarashni sezmayapman.
Bu voqeadan keyin Liza Kyortis (Oq uy rasmiysi) O‘zbekistonga kelib ketdi. Kongressdan sakkiz kishilik delegatsiya kelib ketdi. Prezident Mirziyoyev va prezident Tramp telefonda gaplashdi. Bitta voqea bilan aloqalar izdan chiqmaydi.
Pamela Spratlen, AQShning O‘zbekistondagi elchisi
Izoh (0)