O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen “Amerika ovozi”ga bergan intervyusini e’lon qildi.

Pamela Spratlen.
Foto: “RIA Novosti”

Intervyu davomida Spratlen xonim O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uni ko‘p jihatdan hayron qoldirganini ta’kidlagan.

U nafaqat meni, balki hammani ajablantirdi. Uning rahbarlikka tanlanishi juda qiziq, ehtiyotkorona va pishiq, chuqur mulohazali bir qaror bo‘ldi. Xalqaro hamjamiyatda hech kim Prezident Karimov o‘rniga shu odam keladi, deb kutmagan edi. Mirziyoyev shaxsan meni juda ko‘p jihatdan hayron qoldirgan va qoldiradi.

Birinchidan — uning temperamenti. U odamlar bilan ishlashni xohlaydi, hamjihatlik tarafdori. Ikkinchidan — va bu O‘zbekiston xalqi uchun juda muhim: Mirziyoyev rahbarlikka kelganidan beri davlat va xalqni yaqinlashtirish harakatida. Xalq manfaatlarini o‘ylang, u bilan muloqot qiling, deb kelmoqda. Nazarimda, odamlar undan bunday yondashuvni kutmagan edi.

Albatta, oqsashlar bo‘ldi, lekin ayrim ishlari samara bera boshladi. Gapirayotganida bir narsa oydek ravshan: u hukumat zolim kuch bo‘lishini xohlamaydi, aksincha, hukumat xalqqa xizmat qilsin, deydi. Bunga erishish esa juda qiyin. Mashaqqatli yo‘l oldinda, lekin Mirziyoyevning xalqqa xizmat qilishga bel bog‘lagani men uchun kutilmagan hol.

Ikkinchi ajablanarli hol, hukumat apparatini yangilash harakati. Oldinlari eski davr odamlari ko‘p edi. Ularning ayrimlari hali ham bor. Lekin ular orasida juda iqtidorli odamlar ham bor — ko‘p narsani biladi va foydasi katta. Yangi shaxslar ham serob. Hukumatning chet elda o‘qiganlarga keng ochilayotgani ham katta o‘zgarish.

Yoshlarga e’tibor katta. Xorijda ishlayotganlarga salbiy emas, ijobiy ruhda qarashayotgani tahsinga sazovor. Bozor iqtisodiyoti ham siljiy boshladi. Oldinda qilinadigan ishlar talay. Biroq Prezidentning bu borada BMTda va boshqa minbarlardan turib gapirishi, yangi yo‘nalishga o‘tish, o‘tgan sentabrda Nyu-Yorkda AQSh biznes doiralariga bu borada ochiq aytishi keng olqishlandi. Endi biz bu qarorlar amalga oshishini kutayapmiz.

Har kuni xushxabar. Oldinlari O‘zbekistonga shoshmay, choy ichib, astalik bilan harakat qiladigan xalq va hukumat deb qarashar edi. Hozir ham ko‘p jihatdan mana shu madaniyat joyida. Lekin bugungi signal shuki, O‘zbekiston oldinga shahdam qadam tashlashga shay.

Prezident Mirziyoyev, nazarimda, orqada qolmoqchi emas; dadillik va epchillik bilan ko‘proq bizneslarni jalb etmoqchi; mamlakatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya oqimi oshsin, deya urinmoqda. Bu juda qiyin, lekin o‘tgan yili sentabrda konvertatsiyani ochgani u bu mashaqqatni yengishga bel bog‘laganidan darak. Shunday ekan, yana ko‘plab xushxabarlar kutib qolamiz.

Pamela Spratlen, AQShning O‘zbekistondagi elchisi