Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida Qirg‘iziston Jogorku Keneshi spikeri Dostonbek Jumabekov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev bilan uchrashuvda O‘zbekiston — Qirg‘iziston hamkorligi turli yo‘nalishlarda jadal taraqqiy etayotgani, parlamentlararo aloqalarning mustahkamlanishi o‘zaro munosabatlarning yanada kengayishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan suhbatda qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi aloqalar jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgani, kelgusida ikki mamlakat munosabatlarini savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy sohalarda mustahkamlashga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi qayd etildi.
Qirg‘iziston delegatsiyasining tashrifi doirasida Oliy Majlis va Qirg‘iziston Jogorku Keneshi o‘rtasida ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Amaliy tadbirlar rejasi” (“Yo‘l xaritasi”) imzolandi.
Parlament delegatsiyasi Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” mavzuidagi ko‘rgazma hamda Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy-ma’rifiy yodgorliklar bilan tanishdi.
Izoh (0)