Afg‘onistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston mutaxassislari va fuqarolari xavfsizligi birinchi galdagi vazifa hisoblanadi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining 13-plenar yig‘ilishida O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov ma’lum qildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining Toshkentga tashrifi davomida qator yirik loyihalar, jumladan, Surxon — Puli Xumri elektr uzatish liniyasi va Mozori Sharif — Shibirg‘on — Maymana — Hirot temir yo‘li qurilishi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgandi.
Senatorlar yig‘ilishda Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarida IShID terrorchilari mavqei mustahkamlanayotganini inobatga olgan holda imzolangan kelishuvlar qanday amalga oshirilishi bilan qiziqdi.
“Afg‘oniston tomoni bilan muzokaralar boshlangandan beri va Ashraf G‘anining tashrifini tayyorlash vaqtida afg‘on do‘stlarimizga mazkur loyihalarni birgalikda amalga oshirishda mutaxassislarimiz va fuqarolarimiz xavfsizligi birinchi galdagi vazifa ekanligini ochiq bildirganmiz”, — dedi vazir o‘rinbosari.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)