Amirliklarda bo‘lib o‘tgan futbol klublari o‘rtasidagi Jahon Chempionati o‘z yakuniga yetdi va unda Madridning “Real” klubi zafar quchdi.
Yevropa Chempionlar Ligasining g‘olibi sifatida Abu-Dabiga yetib kelgan “Qirollik klubi” final o‘yinida Libertadores Kubogi g‘olibi bo‘lgan Braziliyaning “Gremio” jamoasini sinovdan o‘tkazdi va Krishtianu Ronalduning yagona goli evaziga raqibini mag‘lub etdi. Shu kuni “Real” raqibidan har jabhada ustunlik qilib, “Gremio” futbolchilariga birorta ham aniq zarba berish imkoniyatini qoldirmadi.
“Real”ga qadar Jahon Chempionatida ketma-ket ikki bor zafar quchish hech kimga nasib qilmagandi. Bu Madrid yetakchisi uchun umumiy hisobda uchinchi sovrin bo‘ldi. 2014-yil “Real” Argentinaning “San-Lorneso” klubini yengib, chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2016-yil finalda Yaponiyaning “Kashima Antlers” klubidan ustunlik qilgandi.
Shu tariqa madridliklar chempionlik borasida azaliy raqibi hisoblangan “Barselona”ga yetib oldi. Kataloniyalik futbolchilar 2009, 2011 va 2015-yilgi mavsumlarda klublar mundialida bosh sovringa ega chiqqandi.
Jahon Chempionati Final 16-dekabr, shanba
“Real Madrid” — “Gremio” 1:0
Gol: Krishtianu Ronaldu, 53 (1:0).Mundial yakunlariga ko‘ra, Luka Modrich “Oltin to‘p”ga loyiq ko‘rildi. Kumush to‘p esa finalda gol urgan Krishtianu Ronalduga nasib qildi. Portugaliyalik hujumchi ortda qolgan 13 ta mundial tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylanib oldi — 7 ta. Lionel Messi, Sesar Delgado, Luis Suares kabi futbolchilarda 5 tadan aniq zarba bor.
Izoh (0)