6-dekabr kuni Oq Uy AQSh prezidenti Donald Tramp Quddus shahrini Isroil poytaxti deb tan olishi haqida rasmiy bayonot berdi. Jahonning turli mamlakatlari yetakchilari bunga munosabat bildirdi.
Jumladan, “Gazeta.ru”ga ko‘ra, Rim papasi Fransisk status-kvoni saqlash lozimligini, AQSh elchiligini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirish noto‘g‘riligini ta’kidladi.
Turkiya va Eron Trampning ushbu tashabbusiga keskin qarshilik bildirdi. Jumladan, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy mamlakat mintaqada chegaralar o‘zgarishiga hamda islomning muqaddas qadamjolariga daxl qilishlariga yo‘l qo‘yilmasligini aytib o‘tdi.
Iordaniya parlamenti deputati Yahyo Saud, bu yangilikka fikr bildirar ekan, AQSh bilan diplomatik aloqalarni uzishni taklif qildi.
Ma’lumot uchun, Isroil rasman Quddusni o‘z poytaxti deb e’lon qilgan bo‘lsa ham, amalda bu vazifani Tel-Aviv shahri bajaradi. Jahon hamjamiyati Quddusni Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan Falastinning yeri deb tan oladi.
Izoh (0)