“O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tuzilmasida uchuvchisiz tizimlardan foydalanish bo‘yicha “Uchuvchisiz texnologiyalar” ixtisoslashgan kompaniya tashkil etildi, deya xabar qildi “Gazeta.uz” xolding matbuot xizmatiga tayanib.
Dekabrda O‘zbekistonga Rossiyaning “Ptero” kompaniyasi ishlab chiqargan birinchi uchuvchisiz “Ptero-G1” uchuvchisiz aviatizimlarning yetkazib berilishi kutilmoqda. Noyabrda “Uchuvchisiz texnologiyalar” mutaxassislari Rossiyada malaka oshirish kurslaridan o‘tdi.
“Ptero-G1” qishloq xo‘jaligi ekinlari maydonlarini o‘lchash va ularning rivojlanish holati ustidan monitoringini yuritish maqsadida foydalaniladi. Bu reja-kartografik materiallarni o‘z vaqtida yangilash va agrotexnik tadbirlardagi kamchiliklarni bartaraf etishga imkon beradi.
“Uchuvchisiz texnologiyalar” faoliyati kartografik ishlar, suv xo‘jaligi, neft-gaz sohasi, ekologiya va o‘rmon xo‘jaligi, qurilish, sanoat va energetika infratuzilmalari holati monitoringini yuritishni o‘z ichiga oladi.
Iyul oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida mamlakatda iqtisodiyotning turli jabhalarida foydalanish uchun uchuvchisiz parvoz uskunalarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga topshiriq bergan edi.
Izoh (0)