O‘zbekistonda 2028-yil 1-yanvargacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etiladi. Shavkat Mirziyoyev 13-avgust kuni to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ishlab chiqarish hamda eksportni oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda ip-kalava va matoning narxi asosiy raqobatchilardan o‘rtacha 10-15 foiz yuqoriligiga e’tibor qaratildi. Sababi — ishlab chiqarayotgan mahsulotimiz tarkibida paxta 90 foiz bo‘lsa, qolganlarda 30-40 foizi poliester, viskoza, spandeks kabi arzon sintetik matodan iborat.
Dunyoda sun’iy tola va aralash matoga talab yildan-yilga oshib bormoqda. Mamlakatimizda yiliga 100 ming tonna aralash ip, mato va gazlama import bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan 2028-yil 1-yanvargacha aralash mato va gazlama bojxona bojidan ozod etiladi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha kamida 100 ming tonnalik aralash gazlama ishlab chiqarish loyihalarini boshlash topshirildi.
Shuningdek, bir nechta bo‘yoq korxonalari birlashib, suv tozalash inshootini qurmoqchi bo‘lsa, xarajatlarining bir qismi Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan qoplab beriladi.
O‘tgan yilda 5 million dollardan ortiq eksport qilgan 55 ta korxonaning har birida kamida 200 nafardan ishchi ishlamoqda. Lekin bu korxonalar asosan viloyat markazlarida va sanoati rivojlangan tumanlarda joylashgan.
Ularga ko‘mak berilsa, olis va sanoat kirib bormagan tumanlarda filial ochmoqchi. Bunga Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan besh yilga 10 milliard so‘mgacha Markaziy bank asosiy stavkasida kredit beriladi. Xorijlik dizayner, texnolog, konstruktor va marketologlarning ish haqi qoplab beriladi.

Qo‘yiladigan shart — korxonalar 200 ta ish o‘rni yaratishi va munosib ish haqi to‘lashi kerak. Mutasaddilarga ushbu rag‘batlarni ishga solib, joriy yilda 20 ta, keyingi yilda yana 30 ta tumanda tikuvchilik fabrikalarini ishga tushirish topshirildi.
Bu ishlar Qoraqalpog‘istondan boshlanishi belgilandi.
Yig‘ilishda to‘qimachilik, charm va ipak sanoatiga mas’ul bo‘lgan Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil qilinishi aytildi. O‘zbekistonda to‘qimachilikda “dolzarb yuz kunlik” e’lon qilinishi, paxtani o‘z vaqtida, nobud qilmay terib olish uchun fermerlarga tonnasiga 1 mln so‘mdan subsidiya berilishi ma’lum qilindi.
Izoh (0)