Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Rossiya allaqachon Ukrainadagi urushda g‘alaba qozonganini aytdi. U Yevropa davlatlarini bu faktni tan olishga va Kreml bilan muzokara boshlashga chaqirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Orbanning bu bayonoti AQSH va Rossiya prezidentlari uchrashuvi arafasida yangradi. Davlat rahbarlari 15-avgust kuni Alyaskada urushni tugatish masalasini muhokama qiladi. Orban ilgari ham Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishga qarshi chiqqan. U Yevropaning “Ukraina o‘z kelajagini o‘zi belgilash huquqiga egaligi” haqidagi qo‘shma bayonotini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan.
Vengriya bosh vaziri hozirgi mojaro cheksiz davom etmaydi, degan fikrda. U urushda Rossiya allaqachon g‘alaba qozonganini ta’kidladi.
Masala shundaki, G‘arb qachon va qanday sharoitlarda bu voqeani tan oladi va bundan qanday oqibatlar kelib chiqadi, dedi Orban.
Rossiya energiya resurslariga katta darajada qaram bo‘lgan Vengriya Ukrainaga qurol yetkazishni rad etgan. Shuningdek, mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga ham qarshi chiqqan. U buni iqtisodiyot va fermerlarga yetkazilishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sir bilan izohlagan.
Orban ta’kidlashicha, agar AQSH va Rossiya yetakchilari muzokara stolida o‘tirib, Yevropani chaqirmasalar, u avtomatik tarzda “jarayon ishtirokchisi emas, balki menyudagi taom”ga aylanadi. Bundan tashqari, u Yevropa Ittifoqining Ukraina bo‘yicha qo‘shma bayonoti Yevropani xalqaro maydonda “kulgi va achinishga sabab bo‘luvchi” holatga solayotganini aytgan.
Izoh (0)