Shavkat Mirziyoyev 13-avgust kuni to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ayrimlar davlatning arzon resursi hisobiga paxta “spekulyatsiyasi” bilan shug‘ullanayotganini tanqid qildi.

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, to‘qimachilik korxonalarining tijorat kreditidan 2,2 milliard dollar qarzdorligi bor. Kreditlarning 90-95 foizi xorijiy valyutada, atigi 16 foiz korxona xalqaro sertifikatga ega.
“Bunday sharoitda korxonalar tashqi bozorda qanday raqobat qiladi, kreditini qanday qaytaradi?”, deya savol qo‘ydi prezident.
Har bir viloyatda 10-15 tadan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi borligi bilan ularning brendlar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy standartlarga o‘tkazish ishlari oqsayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Andijon, Namangan, Farg‘ona, Navoiy va Toshkent viloyatlarida tolani qayta ishlash quvvatlari o‘zidagi xomashyoga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p. Shunday bo‘lsa-da, hokimlar hududiy investitsiya dasturini ishlab chiqishda ip-kalava loyihalarini taklif etib kelayotganiga e’tiroz bildirildi.

Xorijdagi diplomatik vakolatxonalar to‘qimachilik mahsulotlari eksportiga yanada faol ko‘maklashishi muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda jahonda paxta kotirovkalari 2022-yildan boshlab pasayib ketayotgani klasterlar uchun muammo keltirib chiqarayotgani ham aytildi. So‘nggi uch yilda narx tonnasiga 3 ming dollardan 1,5 ming dollarga tushdi. Davlat rahbari jahon bozorida narxning keskin tushishi bugun boshlanmaganini, iqtisodiy kompleks ilmiy tashkilotlar bilan birga bu borada turli xil ssenariylar va yechimlarni tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.
Izoh (0)