O‘zbekistonda to‘qimachilik, charm va ipak sanoatiga mas’ul bo‘lgan Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil qilinadi.

13-avgust kuni to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, yangi agentlikka investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi.
Agentlik qoshida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash tashkil qilinadi. Agentlikning alohida jamg‘armasi bo‘ladi, davlat ko‘magi, shuningdek to‘qimachilik korxonalariga arzon aylanma mablag‘ shu jamg‘arma orqali beriladi. Jamg‘armaga 200 million dollar ajratiladi.
Yangi agentlikka kengash bilan birgalikda tadbirkorlar bilan muloqot qilib, tannarx, ishlab chiqarish va eksport bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi orqali tayyor mahsulot eksportini ikki barobarga oshirish, kooperatsiyani kuchaytirib, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Xalqaro konsultantlar bilan birgalikda to‘qimachilikni 2030-yilga qadar rivojlantirish dasturini ishlab chiqish hamda charm, ipak va gilamchilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ham takliflarni kiritish vazifasi qo‘yildi.
“Hokimlar, klasterlar va to‘qimachilik korxonalari rahbarlari bir narsani bilishi kerak. Hozirgi sharoitda byudjetga 1 so‘m qo‘shimcha tushum qilish qancha qiyin bo‘layotganini tushungan tushunadi. Bugun aytilgan qo‘llab-quvvatlash choralarini pulga chaqsa, 7 trillion so‘m bo‘ladi. Endi shunga yarasha natija ham bo‘lishi kerak”, dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev jahonda savdo qoidalarining tez o‘zgarishi yoki logistikadagi uzilishlar to‘xtamayotgani sharoitida to‘qimachilik tarmog‘ini rivojlantirishga alohida yondashuvlar zarurligini, shu munosabat bilan Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etilishini aytdi.
Ushbu agentlikka rahbarlik qiladigan Nozimjon Xolmurodov 2022-yilning avgustidan buyon investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Undan avval Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Izoh (0)