15-noyabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi o‘zining rasmiy www.mudofaa.uz veb-saytini ishga tushirdi. Sayt vazirlik faoliyatining ochiqligini ta’minlash, mamlakat Qurolli kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida tezroq xabardor qilish, harbiy xizmat obro‘sini oshirib, armiya va xalq o‘rtasida yaqin aloqalarni saqlab turish imkonini beradi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmatiga tayanib “Kommersant.uz” xabar berdi.
Endilikda OAV vakillari hamda fuqarolar vazirlik rahbariyatiga murojaat qilmasdan turib ishonchli va zarur ma’lumotlarni veb-sayt orqali olishlari mumkin bo‘ladi.
Saytdan majburiy elementlardan tashqari videoroliklar va harbiy-vatanparvarlik qo‘shiqlari, shuningdek, harbiy orkestrning musiqiy asarlari o‘rin olgan. Bundan tashqari sayt foydalanuvchilari istagan vaqtlarida “Vatanparvar” va televideniye orqali efirga uzatilgan mavzuga doir ko‘rsatuvlarni ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Alohida tugma yordamida O‘zbekiston Qurolli kuchlari Davlat muzeyining tarixiy eksponatlari bilan tanishish imkoni ham mavjud.
Eslatib o‘tamiz, 1-iyul holatiga ko‘ra davlat organlarining ochiqligi indeksida Mudofaa vazirligi reytingdan eng past ko‘rsatkichlardan birini egallagan edi.
Izoh (0)