Supermarketlarning talablariga ko‘ra, peshtaxtalardagi meva va sabzavotlar chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lishi kerak, aks holda xaridorlar uni sotib olmaydi. Bu fermerlarning tashqi ko‘rinishi chiroyli bo‘lmagan mahsulotlari peshtaxtalardan o‘rin olmasligini bildiradi. AQSh Qishloq xo‘jaligi departamentining ma’lumotlariga ko‘ra, shikast yetgan meva va sabzavotlarning 30 foizdan 40 foizigacha bo‘lgan qismi shunchaki tashlab yuboriladi, deb xabar berdi Forum Daily.
Ko‘rinishi chiroyli bo‘lmagan mahsulotlarning mazasi peshtaxtadagilardan farq qilmaydi. Imperfect kompaniyasi esa bundan foydalanishga qaror qildi.
Kompaniya asoschisi Ben Chesler fermerlardan tashqi ko‘rinishi nomukammal bo‘lgan meva va sabzavotlarni sotib olib, ularni do‘kondagilardan 30—50 foiz arzonga sotmoqda.
Kompaniya San-Fransisko, Los-Anjeles (Kaliforniya), Portlend (Oregon), Sietl (Vashington) va Chikago (Illinoys) shahrida faoliyat ko‘rsatmoqda. Xaridorlar o‘zlariga kerakli bo‘lgan mahsulotlarni onlayn buyurtma qiladi, kompaniya esa buyurtmani mijozlarning uyiga yetkazib beradi.
Mahsulot narxi uning o‘lchami va buyurtma turiga bog‘liq. 3—4 kilogrammli organik meva va sabzavotlarning narxi 15—17 dollar. 11 kilogramm atrofidagi katta paket esa 39—43 dollar turadi. Yetkazib berish 4,99 dollar.
Xaridorlar kompaniyaning www.imperfectproduce.com sayti orqali buyurtma qilishlari mumkin. Faqat buyurtmani oldindan amalga oshirish kerak, chunki uni yetkazib berish uchun ketadigan vaqt mijozning qayerda istiqomat qilishidan kelib chiqadi.
Imperfect 2 yildan buyon mavjud va bu vaqt davomida u tashqi ko‘rinishi xunukligi sabab yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan 3 million kilogramm mahsulotni sotishga erishdi.
Izoh (0)