O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov Vashington shahrida AQShning xususiy xorij investitsiyalari Korporatsiyasi (OPIC) vitse-prezidenti Treysi Vebb bilan uchrashdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar berdi.
Amerika tomoni O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar bilan batafsil tanishtirildi. Shuningdek, bank-moliya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va valyutani tartibga solish bo‘yicha bozor mexanizmlarining kiritilishi yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston hukumatining ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lgan yirik amerika kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligi bildirildi. Bunda yirik kompaniyalar tomonidan mashinasozlik, farmatsevtika, elektron va elektrotexnika mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari va iqtisodiyotning boshqa sohalarida keng nomenklaturadagi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar davomida tashkilotning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish istiqbollari, shu jumladan, AQSh kompaniyalari tomonidan amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarni moliyalashtirish ham muhokama qilindi.
Izoh (0)