Sog‘liqni saqlash vazirligi poytaxtda joylashgan respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining mutaxassislarini hududlarga ikki yil ishlashga yuborishini e’lon qildi. Bu haqda “Pravda Vostoka” xabar bermoqda.
Nashrga ko‘ra, mazkur mutaxassislar uchun rahbarlik lavozimlari taklif etilmoqda.
Bu qanday asosda amalga oshirilayotganiga Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova tushuntirish berdi:
— Viloyatlardagi tibbiyot muassasalari malakali kadrlar bilan ta’minlanishi uchun respublika tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislardan 136 nafari suhbat asosida tanlab olindi. Ular viloyat tibbiyot maskanlariga rahbar sifatida yuboriladi. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-avgustda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida qabul qilingan bayonnomada ularning to‘liq ro‘yxati tasdiqlangan. Tanlangan har bir mutaxassis hududlarda rahbar lavozimida ishlash istagini bildirganini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ular o‘z xohishlariga ko‘ra yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, 18-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)