O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-oktabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash, sifatli dori-darmon bilan ta’minlash borasidagi islohotlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: UzReport

Prezident joriy yilning o‘zida sog‘liqni saqlash masalasiga bag‘ishlab uch marta videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Tizim faoliyatini tubdan takomillashtirish, odamlarda haqli e’tiroz uyg‘otayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi, shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan dasturlar ijrosi atroflicha ko‘rib chiqildi.

Sohani yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirishga qaratilgan 30 ga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirishga oid qaror ijrosi doirasida 793 qishloq vrachlik punkti negizida qishloq oilaviy poliklinikasi, 441 tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etildi. Faoliyati tugatilgan 658 qishloq vrachlik punkti binolari xizmat uyi sifatida foydalanish uchun shifokorlarga berildi. Bundan tashqari, qishloq oilaviy poliklinikalarida 5 turdagi va Toshkent shahar oilaviy poliklinikalarida 10 turdagi tor soha mutaxassislari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Birlamchi tizimda kadrlar ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yilda tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarining bakalavriatura bosqichini bitirgan 3 ming 197 yosh mutaxassisning 79 foizi birlamchi tizimga ishga yuborildi.

Qilingan ishlarning natijasi qanday bo‘layapti, odamlar bundan qay darajada foydalanmoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev. Aholidan kelib tushayotgan murojaatlar bu borada hali qiladigan ishlarimiz ko‘pligini ko‘rsatmoqda.

Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining hududlarda yetarli darajada emasligi oldimizda turgan dolzarb muammolardan biri. Tan olish kerak, hududlardan yuqori texnologik tibbiy yordam olish uchun Toshkent shahriga kelish aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda, dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida viloyatlarda ishlash tashabbusi bilan chiqqan yetakchi mutaxassislardan 134 nomzod tanlab olingani qayd etildi. Ular viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlariga, jumladan, bolalar shifoxonalari, endokrinologiya, kardiologiya, silga qarshi, teri-tanosil dispanserlari, onkologiya markazi filiallari, yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ishlash uchun yuborildi

Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining viloyatlarda filiallari tashkil etilmoqda. Chet el klinikalarida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq vatandoshimiz yurtimizga qaytarildi.

ig‘ilishda sohada o‘z yechimini kutayotgan qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, ayniqsa, qishloq joylarda tizimli patronaj qamrovi sifatini yaxshilash, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning statsionar muassasalar bilan hamkorligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga sohada xususiy sektorni yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.