Xalq deputatlari Yangiqo‘rg‘on tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga Yangiqo‘rg‘on tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Tuman hokimi bo‘lib ishlab kelgan Muhammadzokir Mamatxonov o‘z arizasiga muvofiq vazifasidan ozod etildi.
Namangan viloyati hokimligi qishloq va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyati mudiri bo‘lib ishlab kelgan Asadulla Najmiddinov Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlandi.
Asadulla Najmiddinov 1977-yilda Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Namangan sanoat-texnologiya instituti va Toshkent yuridik institutini tamomlagan. Viloyat hokimligi kotibiyat mudirligiga qadar viloyat moliya boshqarmasida turli lavozimlarda mehnat qilgan.
Sessiyada O‘zbekiston Prezidentining Davlat maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov ishtirok etdi.
Izoh (0)