Shvetsiyaning Telia Company telekommunikatsiya xoldingi O‘zbekistondagi korrupsiyaviy to‘lovlar bo‘yicha ish doirasida 965 million dollar jarima to‘laydi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi, deya xabar beradi UZ24.
Jarimalar aksilkorrupsiyaviy tekshiruvni olib borgan AQSh Adliya vazirligi, Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiya, shuningdek, Niderlandiya prokuraturasiga to‘lanadi. Kompaniya ikki mamlakat rasmiylari bilan 21-sentabr, payshanba kuni kelishuvga erishdi.
Tekshiruv doirasida AQSh va Niderlandiya rasmiylari kompaniyani xorijda korrupsiya haqidagi qonunni buzganlikda aybladi. AQSh Adliya vazirligi saytida joylashtirilgan bayonotda Telia va uning mahalliy sho‘ba korxonasi— Coscom LLC O‘zbekistondagi telekommunikatsiya tarmog‘ini nazorat qilgan hukumat organiga ta’siri bo‘lgan yuqori martabali mansabdorga yaqin davlat xizmatchisiga 331 million dollar pora berganliklarini tan olgani bildirilgan.
Kompaniya O‘zbekiston bozoriga kirish, Coscom uchun qimmatli telekommunikatsiya aktivlarini olish va faoliyatini davom ettirish uchun 2007—2010-yillarda bir necha bor pora bergan. Poralar Telia va Coscom menejerlari hamda xodimlari, shuningdek, affillangan shaxslar orqali yetkazilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoridagi korrupsiya bo‘yicha keng ko‘lamli tekshiruvlar Niderlandiya, Shvetsiya va Shveysariya rasmiylari tomonidan 2012, AQSh tarafidan esa 2014-yilda boshlangandi.
Izoh (0)