22-sentabr kuni Ukrainaning Lvov viloyatida muxolif siyosatchi Mixail Saakashvili tomonidan davlat chegarasining noqonuniy kesib o‘tilishi borasidagi ishning ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tayotgan edi. Ishi ko‘rib chiqilayotgan Saakashvili sud majlisiga kelmadi, deb xabar qiladi “Korrespondent.net”.
Bu haqda siyosatchi Facebook’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi.
“Hozir Mostisk sudida men tomonimdan chegaradan o‘tishda ma’muriy qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgani borasidagi ish ko‘rib chiqilmoqda. Men Cherkassda odamlar bilan uchrashuvimni bekor qilmaslik qaroriga keldim”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, u yana bir bora Polsha–Ukraina chegarasini qonuniy kesib o‘tganini ta’kidladi.
Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko bir necha oy ilgari Saakashvilini mamlakat fuqaroligidan mahrum qilgan edi. Ammo siyosatchi mamlakatga kirishga qaror qildi. U Polsha hududidan Ukrainaga yaqinlashganida, odamlar chegara punktida to‘planib, uning o‘tishiga yordam berdi.
Izoh (0)