2018-yil 1-yanvaridan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarining jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtotransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish funksiyasi bosqichma-bosqich tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarga o‘tkaziladi. Bu haqda Prezidentning 11-iyuldagi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish haqidagi qarorida aytildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
Hujjatda faqat yengil mashinalar nazarda tutilgan. Yuk, yo‘lovchi mashinalari hamda maxsus transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi o‘zgarishsiz qoladi.
Ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun aniq narxlar belgilanadi. Shuningdek, bunday xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning ichki ishlar organlari bilan o‘zaro hamkorligi talablari ishlab chiqiladi.
Keyingi yil boshidan texnik ko‘rikdan o‘tishni nazorat qilishning elektron tizimini joriy qilish rejalashtirilmoqda.
Ilgariroq avtomobillar uchun ishonchnomalarni yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazish talabi bekor qilinishi ma’lum bo‘lgan edi.
Izoh (0)