Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi va nazorati” texnik hamkorlik loyihasining muhokamalar protokolini imzoladi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
Mazkur hujjatning imzolanishi agentlikning O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida 2017—2021-yillarga mo‘ljallangan yangi loyihasi ishga tushirilishini anglatadi. Muhokamalar yakuni bo‘yicha Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy-tadqiqot instituti JICA bilan hamkorlikda loyiha amalga oshirilishini tashkillash uchun mas’ul bo‘lishi haqida kelishib olindi.
Loyiha vazirlikning yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, xususan, yurak-qontomir va qand xastaliklari xavfi omilini maqsadli mintaqalar — Toshkent va Navoiy viloyatlarida pasaytirish bo‘yicha urinishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Shuningdek, loyiha doirasida aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha mavjud uslubiy materiallar tanqidiy tahlil qilinadi, Yaponiya va O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari, joylardagi mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Izoh (0)