Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU)da AQShning Webster (Vebster) universitetining xalqaro ta’lim dasturi asosida yangi fakultet tashkil etilishi mumkin. Bu haqda UzNews xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan universitetning ta’lim ishlari, xalqaro kampus va tashabbuslar bo‘yicha vitse-prezidenti Piter Maher TATUda muzokaralar o‘tkazdi.
Boshlang‘ich muzokaralar natijasida “Axborot texnologiyalari (Informatika, Kiber xavfsizlik)”, “Media kommunikatsiya (Televizion texnologiyalari)” yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriatura dasturini o‘quv jarayoniga tatbiq etish yuzasidan kelishib olindi.
“Bundan tashqari, memorandum bandlarini bajarish maqsadida, Webster universitetining xalqaro ta’lim dasturi asosida TATUda fakultet tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi”, — deyiladi xabarda.
Webster universitetiga 1915-yilda asos solingan bo‘lib, u AQShning Missuri shtati, Sent-Luis shahrida joylashgan. U xususiy notijorat oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, unda 17 ming talaba bir qator yo‘nalishlarda, jumladan, axborot texnologiyalari va kommunikatsiya sohasida ta’lim oladi.
Universitet Yevropa, Osiyo hamda Afrika mintaqalarida o‘z kampuslariga ega.
Izoh (0)