Misr xavfsizlik kuchlari Saudiya Arabistoniga berilayotgan Qizil dengizdagi Tiran va Sanafir orollariga borishni to‘liq man etdi. Bu haqda “TASS” ma’lum qildi.
Egypt Independent nashriga ko‘ra, mamlakat rasmiylari Tiran qirg‘oqlarida baliq ovlash va sayyohlar uchun dayving-sayrni taqiqladi.
Bu mahalliy parlament Saudiya Arabistoni bilan dengiz chegarasi demarkatsiyasi haqidagi kelishuvni ratifikatsiya qilib, ikki bahsli orol Ar-Riyodga berilishini ma’qullaganidan so‘ng ro‘y berdi. Hujjat uni Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy imzolaganidan so‘ng kuchga kiradi.
Saudiyaga orollarning berilishi mamlakatda noroziliklarga ham sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Iskandariya shahrida bunga qarshi chiqqan 8 kishi qo‘lga olindi. Qohirada tartibsizliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida politsiya markaziy ko‘chalar va maydonlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. Kelishuv ratifikatsiya qilinishini yoqlamagan bir necha deputat iste’foga chiqishga tayyorligini bildirdi.
Izoh (0)