O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Oliy Majlis Senati a’zolarining bir guruhi Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida bo‘lib, aholi bilan muloqotlar o‘tkazdi. O‘rganishlar natijasi xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida muhokama etildi, deb xabar berdi O‘zA.
Deputat va senatorlar 10 kun davomida qishloq va mahallalardagi xonadonlarda bo‘lib, fuqarolarning turmush darajasini oshirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ijro hokimiyati, huquq-tartibot idoralari va boshqa sohalar faoliyatini o‘rgandi. Hududda uchrayotgan kamchilik va muammolarni joyida hal etishga ko‘maklashdi.
O‘rganishlar jarayonida yechimini kutayotgan bir qator muammolar va foydalanilmayotgan imkoniyatlar borligi aniqlangan. Xususan, tijorat banklari tomonidan oilalarni tadbirkorlikka keng jalb etish, parrandachilik, chorvachilik bilan shug‘ullanishi, yong‘oq, limon kabi serdaromad daraxt ko‘chatlarini xarid qilishi yuzasidan olib borayotgan targ‘ibot ishlari talabga javob bermaydi. Aholining tomorqadan foydalanish madaniyati juda past.
Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirayotgan xonadonlarga imtiyozli kreditlar ajratishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ana shu maqsadda hujjat tayyorlagan 4 ming 530 fuqaroning 30 foiziga imtiyozli kredit berilgan, xolos. Uy-joy, kommunal, bank-kredit, sog‘liqni saqlash, ta’lim, aholi bandligi, transport va yo‘l qurilishi, ekologiya va atrof-muhit, savdo va maishiy xizmat, tadbirkorlik kabi sohalarda ham bir qator muammolar bor.
Xalq deputatlari tuman Kengashi doimiy komissiyalari va siyosiy partiyalar deputatlik guruhlari faolligini oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, joylarda uchrayotgan kamchiliklar, fuqarolarning talab va ehtiyojlariga jiddiy e’tibor qaratish, islohotlarni yanada chuqurlashtirish tavsiya etildi.
Izoh (0)