Anhor.uz Rossiyada istiqomat qiladigan o‘zbekistonlik futbol mutaxassisi Alisher Aminov bilan ikkinchi bor suhbat uyushtirdi. Uning birinchisini shu havolada o‘qish mumkin.
Quyida o‘sha intervyu boricha taqdim etiladi. Unda Aminov nafaqat O‘zbekiston, balki MDHning bir qator mamlakatlaridagi futboldagi ahvol haqida ham ma’lum bergan.
Hokimiyatni meros sifatida olish — yo‘qlikka olib boruvchi yo‘l
— Yaqindagina siz o‘zbek futboli borasida tanqidiy intervyu berib, uning muammolari tizimli harakterga ega ekani haqida aytib o‘tgandingiz. Nima deb o‘ylaysiz, o‘sha tanqidlardan keyin nimadir o‘zgarishi mumkinmi? Futbol jamoatchiligi yoki hokimiyat tepasidagilardan reaksiya kutyapsizmi?— Hozircha reaksiya yo‘q. Bu shundan darak bermoqdaki, jamoatchilik tizimli muammolarni muhokama qilishga tayyor emas. Buning hayron qoladigan yeri ham yo‘q, futbol subyektlari va O‘FF qarashlari bir-birini inkor qilib keladi. Chunki deyarli barcha katta o‘zgarish va qarorlar shaxsan federatsiya prezidenti tomonidan qabul qilinadi.
Bunda yana o‘sha fikrimni takrorlayman, O‘FF faoliyatini demokratik tamoyillar yordamida shakllantirish, uni professionalizm, shaffoflik va bamaslahat qabul qilinadigan qarorlar bilan boshqarish mamlakat futbolini oyoqqa turg‘azishi mumkin.
— O‘FF prezidenti Mirabror Usmonov o‘ziga o‘rinbosar sifatida o‘g‘li Jahongir Usmonovni (futzal assotsiatsiyasi prezidenti) ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin degan xayol keladi...
— Bu sizni hayron qoldiradimi? Meni esa yo‘q. MDH mamlakatlarining deyarli barchasida futbol federatsiyalaridagi boshqaruv tizimi bir-biridan katta farq qilmaydi. Bunda qarindosh-urug‘chilik, oshna-og‘aynigarchilik yoki eng kamida o‘zi bilan hamfikr bo‘lgan yaqinlarning yuqori lavozimda bo‘lishi ko‘zga tashlanadi. O‘z vaqtida Qozog‘iston futbol federatsiyasini Nazarboyevning marhum kuyovi boshqarardi, endi esa boshqa bir qarindoshi. Tojikistonda futbolga mamlakat prezidentining o‘g‘li javob beradi, Ozarbayjonda “Sokar” davlat neft kompaniyasi rahbari, Rossiyada esa prezident Putinning do‘stlari. Belarus va Turkmanistonda ham deyarli shunday vaziyat.
O‘FF prezidentining 11 yillik faoliyati o‘rganib chiqilsa, unda ijodiy o‘zgarishlar qatorida salbiy holatlar ham ko‘zga tashlanadi. Masalan, O‘FFning moliyaviy va xo‘jalik ishlari mustaqil audit tizimiga ega bo‘lganida, yomon bo‘lmasdi. Ahir federatsiya xususiy kompaniya emas, jamoatchilik tashkiloti. Buning uchun esa, albatta, qarorlar hamjihatlikda qabul qilinishi lozim, rahbariyatning sirli metodlariga ko‘ra emas.
Iste’dodlarni qidirmoqdamiz, afsuski, topa olmayapmiz…
— Sizningcha Jahongir Usmonov futbol federatsiyasini boshqara olmasligi mumkinmi? Ahir futzal assotsiatsiyasi maqtashga arzigulik ishlar qildi-ku?— Ba’zi mutaxassislar futzal termasining Jahon chempionatiga chiqa olganiga yuqori baho berib, mamlakat futzal assotsiatsiyasining rahbarlik faoliyatini ijobiy deb biladi. Chunki bosh jamoa muvaffaqiyati har qanday federatsiya faoliyati uchun na’munali natijadir.
Biroq bu natijani yuqori deb bo‘lmaydi. Chunki, 2016-yilgi mundial uchun Osiyo qit’asiga shu vaqtgacha bo‘lgan eng katta kvota — beshta o‘rin berilgandi. Ya’ni, terma jamoa oldidagi vazifa juda jo‘n edi: Toshkentda o‘tadigan Osiyo chempionatida beshlikka kir va Jahon chempionatiga bor. Bunga qadar Toshkentda o‘tgan avvalgi ikki qit’a chempionatida O‘zbekiston termasi finalga qadar yetib borgandi. Demak, bu safar ham shuni takrorlay olishi qiyin emasdi.
Mundialga borish O‘zbekiston terma jamoasi uchun faqatgina minimum vazifa. Ahir kichik Usmonov tashabbusi bilan termada olti yildan buyon chet ellik mutaxassislar ishlaydi.
— Unda maksimum vazifa qanday?
— Hech bo‘lmaganda Jahon chempionatining guruh bosqichidan chiqish. Kolumbiyadagi qur’a O‘zbekiston uchun omadli kelsa-da, O‘zbekiston hatto Panamaga yutqazib, guruhda oxirgi o‘rinni egalladi.
— Ya’ni, futzal muvaffaqiyatlar bobida katta futboldan u qadar o‘zib ketmaganmi?
— Futzal assotsiatsiyasi so‘nggi o‘n yil davomida futzalning mamlakatdagi rivoji uchun hech narsa qilmadi. Shunga ko‘ra chempionat va kubok o‘yinlari bosqichli usulda o‘tkazilmoqda, asosan Toshkentda. Ya’ni, viloyatlardagi ishqibozlar o‘z jamoasini yillab ko‘rmaydi. Poytaxt klublari esa ularni rad etadi. Agar sen bu tizim doirasida har kuni zalga chiqsang, mashg‘ulot jarayoni haqida yana qanday gap bo‘lishi mumkin? Futzalchi o‘zini qayta tiklab olishiga, klublar taktikasini rivojlantirishga fursat topa olmaydi.
— Sizda biror-bir ijobiy misollar topiladimi bunga?
— Misollar ko‘p. Masalan, Rossiyada chempionat o‘yinlari markazdan chetda o‘tkaziladi. Tur o‘yinlari dam olish kunlari bo‘lib o‘tadi. Bunda muxlis o‘zi uchun qulay paytda o‘yin ko‘rish uchun kelishi, jamoalar esa hafta davomida o‘z o‘yinini takomillashtirib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Menga Rossiya va O‘zbekiston klublarining moliyaviy imkoniyatlarini taqqoslab bo‘lmaydi, deb e’tiroz bildirishlari mumkin. Xo‘p, yaxshi. Biroq qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikistonda ham chempionat shu qolip bo‘yicha bo‘lib o‘tmoqda-ku. Nega ular moliyaviy tanqislikdan nolimaydi? Shuning uchun ham OFK yuqoridagi davlatlarda futzalning rivojlanib borayotganini tan oldi va ularga klublar o‘rtasiadgi qit’a chempionatida qatnashish huquqini berdi.
Bizdagi bu kabi tizim sportning jozibali turiga ishqibozlar va ishtirokchilar qiziqishining pasayib ketishiga olib keladi. Futzal assotsiatsiyasida esa to‘laqonli murabbiylik maktabi ham, texnik rivojlanish strategiyasi ham yo‘q. Demak, qoloq assotsiatsiyasi rahbarining yanada kattaroq tashkilot tepasiga kelib, birdaniga ijobiy o‘zgarishlar qilib yuborishiga ishonish qiyin.
Shu kasbga aloqadar odamlar O‘FF va O‘FA rahbarlari orasidagi qarindoshlik rishtalari va buning tarixi haqida yaxshi biladi. Aytgancha, O‘FAni faqatgina Usmonovning o‘g‘li boshqarmaydi. Unga O‘FF terma jamoalar markazi direktori Asqar Tolibjonovning o‘g‘li Rustam Tolibjonov ham yordam beradi. Uning faoliyati borasidagi fikrlarda ham qator so‘roqlar mavjud.
— Sizningcha, O‘zbekiston futbol federatsiyasiga prezident tanlash tizimi qay yo‘sinda samarali bo‘ladi?
— Qaytarishga majburman, afsuski, MDH mamlakatlarida futbol to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukumat bilan bog‘langan, aniqrog‘i, chirmab tashlangan. Unda jamoat tashkilotida bo‘lishi shart bo‘lgan masalalar: aytaylik, qaror qabul qilish, prezident saylash, futbolni moliyalashtirish kabilar hukumat tuzilmalarining aralashuvisiz hal bo‘lmaydi.
Albatta, bu bir nechta bosqichdan iborat, ammo O‘zbekistonda asosiy aniqlovchi baribir davlatning o‘zi. Tajribadan ma’lum-ki, bu futbol sohasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanazzuli demakdir. Agar mamlakat rahbariyati sport federatsiyalarini isloh qilishdagi to‘laqonli o‘zgarishlarga tayyor bo‘lmasa, unda kamida barcha sport turlarining ahvolini tahlil qilish darajasi ustida ishlashi lozim.
— Mamlakat prezidentining turli sohalarni nazorat qiluvchi, shu jumladan, jismoniy tarbiya va sport masalalaridagi u yoki bu muammoga birinchi bo‘lib e’tibor qaratuvchi yordamchilari bor. Nahotki bu to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun yetarli emas bo‘lmasa?!
— Hozirgi zamonaviy jamiyatda jismoniy madaniyat va sportning o‘rni haddan ziyod yuqori. Fuqarolarning faol jismoniy mashqlar bilan mashg‘ul bo‘lishi, millat salomatligi bilan bog‘liq. Bu esa o‘z navbatida mamlakatning iqtisodiy ko‘ratkichlariga va davlatning raqobatbardoshligiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi.
Davlat ichki siyosatida sanoat rivojlanishi ustuvor vazifalardan bir bo‘lishi lozim.Rioda bo‘lib o‘tgan Olimpiada O‘zbekiston tarixidagi eng yaxshisidir. Muvaffaqiyatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, milliy sport rivojlanmoqda. Ammo medallar ro‘yxatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularning yarmidan ko‘pi individual sport turlarida qo‘lga kiritildi. Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz yengil atletika, suzish kabi sport turlarida sovrinli o‘rinlarga yaqin ham kelishmagan, jamoaviy sport turlarida esa kamdan kam qatnashishgan. Bu eng ommabop sport turlari oqsashda davom etayotganini ko‘rsatadi. Bunga sabablar ko‘p, ammo ulardan eng asosiysi — jismoniy tarbiya va sport tizimida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hisoblanadi.
Davlat va sport tashkilotlari o‘rtasida samarali mexanizmning mavjud emasligi, davlat kompaniyalari va klublar tasarrufidagi byudjet mablag‘larining nazoratsiz sarflanishi, jamoaviy sport turlari rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari yo‘qligi, sport hamjamiyati bilan uzviy aloqa mavjud emasligi — bularning hammasi — mamlakat rahbariyatiga ko‘plab sport turlarida bo‘lgani kabi futbolda ham muvaffaqiyatsizliklarning sababini baholash uchun imkon bermaydi.
— Siz Rossiyada futbolni rivojlantirish dasturining muallifi hisoblanasiz. Uni o‘zingiz uchun qadrdon bo‘lgan O‘zbekistonda ham tadbiq qilish istagi yo‘qmi? Balki endi O‘FF prezidentligi uchun ham harakat qilsa bo‘lar?
— O‘zbekiston futbolini rivojlantirish uchun men so‘zsiz tayyorman. Biroq O‘FF yoki men ikki bor harakat qilgan RFI prezidentligi men uchun ustuvor vazifa bo‘lmagan. Siz aytayotgandek dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun u qanchalik yaxshi bo‘lmasin, bunga davlat tomonidan sharoit ham bo‘lishi kerak. Muhimi hammada unga qiziqish, yakdillik bo‘lsin. Bu yo‘lda birlashish esa muammolar uchun yechim bo‘la oladi.
Bunda bir narsani aytishim kerak, RFI prezidentligi uchun tayyorlagan dasturim faqatgina mening mehnatim emas. Bunda tashkilotdagi futbolni rivojlantirish qo‘mitasidagi kishilar va yana bir qator boshqa mutaxassislarning mehnati yotibdi. Bunday katta ishni bir kishining o‘zi hech qachon yoza olmaydi, uni amalga tadbiq qilishda bu haqiqat ikki barobar yaqqol namoyon bo‘ladi.
— RFI uchun raqobat sizda o‘xshamadi. Nega?
— So‘nggi 12 yil Rossiya futboli uchun oson kechmadi. Bir tomondan neft narxining oshishi sabab pul kirib kelishi ko‘paygandek bo‘ldi. Biroq ular baribir futbol uchun foydali bo‘lmadi.
RFI prezidenti Vitaliy Mutko o‘zidan chiqmaydigan har qanday tashabbusga e’tiborsizlarcha muomalada bo‘ldi. U boshqaruvni to‘liq qo‘lga olib, mamlakat futbolining rivojlanishi dasturini amalga oshirishga, mintaqalarda mutaxassislar tayyorlash tizimining qoniqarli ishlashiga imkon bermadi. Biroq aytingchi, shunday cheksiz huquqlari bor bo‘lgan inson davridagi 10 yilda Rossiya futboli qanday rivojlandi?
Milliy terma jamoaning jahondagi reytingi tushib ketdi, ligalardagi raqobatda o‘sish ko‘zga tashlanmadi, sportni fan sifatida o‘rganish susayib bordi, bolalar murabbiylarini o‘qitish masalalari ortga ketdi. Davlat ajratayotgan pullar shu sohalarning rivojlanishi uchun emas, boshqa maqsadlarga yo‘naltirildi. Bunda o‘zbek futboli Rossiyadan o‘rnak olishi kerak emas. Bu borada nemis modeli rivojlanishning eng samarali usuli ekanini bugun hamma bilib bo‘ldi.
FIFA harakatga tushdi
— Siz MDHning ko‘plab mamlakatlariga xos tizimli muammolarga sabab faqatgina hukumat yoki futbol subyektlari emas deb bir necha bor aytgandingiz...— Bu ayni haqiqat. O‘z ustavi normalariga doim ham amal qilmaydigan FIFA rahbariyatining pozitsiyasi ham bu masalada salbiy rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, FIFA yurisdiksiyasi organlari reglamentida kamchiliklar bor. Masalan, manfaatlar to‘qnashuvi va davlat aralashuvi belgilari mavjud bo‘lgan assotsiatsiya prezidenti saylovida Etika qo‘mitasining pozitsiyasi mavhum.
Ishonch bilan ta’kidlash mumkinki, so‘nggi 12 yil ichida FIFA Rossiya futboli uchun saylovlarda o‘z normalariga amal qilmadi. FIFA o‘z xatolarini qiyinchilik bilan tan oladi, shunda ham uning pozitsiyasi doim o‘zgarib turadi.
2017-yilning 10-martida RFI prezidenti FIFA Kengashi a’zoligi uchun nomzodlar ro‘yhatiga qo‘yilmadi. Chunki u siyosiy neytrallik va har qanday shakldagi davlat aralashuvining oldini olish bilan bog‘liq prinsiplarni buzgan. Shu tariqa, FIFAning bitta qo‘mitasi mening taftish qilish bo‘yicha komissiyaga bergan arizam haqligini tan oldi. Endi RFI prezidentligi uchun o‘tkazilgan so‘nggi saylovning haqiqiy emas deb tan olingani borasidagi huquqiy asosni kutish qoldi.
Afsuski, Rossiya jahon va Yevropa futbolidan ortda qolmoqda. Mamlakat mundial mezbonligi oldidan FIFA va UEFAda vakilsiz qoldi. Endi u dunyo futbolida yuz berayotgan voqealarga ta’sir o‘tkazish imkoniyatidan mahrum. Rivojlanish bo‘yicha hal qiluvchi qarorni FIFA kengashi va UEFA ijro qo‘mitasi qabul qiladi.
Vitaliy Mutkoning o‘zi esa jahon sporti arenalaridan butunlay chetlatildi. Bunga Braziliyadagi Olimpiadada ishtirok etish huquqidan mahrum qilinganligi isbot bo‘la oladi. Jahon sporti tarixida qiyosi yo‘q hodisa.
Avtoritar tizim soyasida Rossiya futbolining boshqaruv prinsiplarini o‘zgartirish juda qiyinligini yaxshi tushunaman. Biroq Rossiyada umid butunlay so‘ngani yo‘q. 250 million aholisi bo‘lgan bu mamlakat Sharqiy Yevropa va MDH mamlakatlarining jahon futboli bilan ko‘prigi vazifasini bajarishi mumkin bo‘lgan ulkan bozor ekanligini eslatish joiz.
RFI prezidentligi aytganingizdek o‘xshamagan bo‘lsa-da, oxirgi ikki yil davomida men xalqaro faoliyatga ko‘proq vaqt ajrata boshladim. 30 ta mamlakatda bo‘lib, Yevropa futbol federatsiyalari va ligalari rahbarlari, konfederatsiyalar va assotsiatsiyalar rahbarlari, FIFA va UEFA rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdim. Bunda jahon futbolidagi muammolar mohiyatini chuqurroq anglab yetishga va shu bilan birga, ularning yechimi uchun real yo‘llarni topishga urindim.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)