Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida bo‘lib o‘tgan majlisda shahar va tuman hokimliklari huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalarning 2016-yildagi faoliyati yakunlari, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi o‘quvchilar davomati hamda xorijga ketgan o‘quvchilarni o‘qishga qaytarish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda “KRuz.uz” xabar bermoqda.
2016-yil davomida ta’lim muassasalari, mahallalarda voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida 5712 marta uchrashuv, davra suhbatlari o‘tkazilganligi ta’kidlab o‘tildi. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha kelgusidagi chora-tadbirlar belgilab olindi.
Majlisda o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalaridagi davomat, chet davlatlarga ketgan 68 nafar o‘quvchini o‘qishga qaytarish masalasi ko‘rib chiqildi. Xususan, To‘rtko‘l tumanida xorijga ketgan o‘quvchi yoshlarning ko‘plab uchrayotganligi, darslardagi davomat achinarli holda ekanligi qattiq tanqid ostiga olindi. O‘quvchilarni o‘qish hamda yashash joylariga zudlik bilan qaytarish choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli muassasalarga ko‘rsatma berildi.
Shahar va tuman hokimliklari huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar ma’sul kotiblari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi mas’ul kotibi” tanlovi yakuni bo‘yicha Shumanay tumani hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya mas’ul kotibi A.Allaniyazov g‘olib deb topildi va faxriy yorliq topshirildi.
Izoh (0)