Jahon boks seriyasi (WSB)ning VII mavsum “C” guruhi 2-turi doirasida Qozog‘istonning Astana Arlans jamoasi o‘z uyida O‘zbekiston bokschilaridan tashkil topgan Uzbek Tigers jamoasiga qarshi bahs olib bormoqda.
Jamoalar o‘rtasidagi uchinchi bellashuvda -69 kilogramm vazndagi bokschilar kuchi sinashdi. Unda Rio–2016 kumush medali sohibi Shahram G‘iyosov 1:2 hisobida Aslanbek Shimbergenovga imkoniyatni boy berdi.
Avvalroq Abrorjon Qodirov raqibi Oljas Sattibayevga (0:3), Murodjon Ahmadaliyev esa Zokir Safiullinga 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergandi.
-81 kilogramm vazn toifasida Nurdaulet Jarmanov Bektemir Meliqo‘ziyevga, +91 kilogramm vaznda Kamshibek Kunkabayev Bahodir Jalolovga qarshi ringga ko‘tarilishi kerak. Ammo mazkur janglar natijasidan qat’i nazar Astana Arlans hisobni 3:0 ko‘rinishiga yetkazib bo‘lgani uchun muddatidan avval g‘alaba qozondi.
Eslatib o‘tamiz, Uzbek Tigers WSB’ning 2017-yilgi mavsumini China Dragons’ga uchralgan mag‘lubiyat bilan boshlagan edi. O‘zbekistonlik bokschilar navbatdagi – 3-turni 4-mart kuni Toshkentda, Rossiyaning Patriot Boxing Team bokschilariga qarshi bahs olib boradi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)